Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda yana bir shaxsning odam savdosi qurboni bo‘lishining oldi olindi. Bu haqda viloyat IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Angren shahrida yashovchi 1971-y.t. ayol (X.T.) oson pul topish maqsadida o‘ziga tanish bo‘lgan 2003-y.t. qiz (Z.A.)ni aldab, mo‘may daromad topishga ishontirib, Toshkent xalqaro aeroporti orqali Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga fohishalik uchun olib ketayotgan vaqtida ushlandi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, ayol va 22 yoshli qizning Rossiyaga borish uchun yo‘l haqi va boshqa xarajatlari Sankt-Peterburgda yashovchi “Zulya” ismli ayol tomonidan qoplangan. Buning evaziga qiz keyinchalik fohishalik bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan.
Shuningdek, ayol qizni yetkazgani uchun “Zulya”dan maʼlum miqdorda haq olishga kelishgan.
Hozirda ushlangan shaxsga nisbatan Qibray tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) 2-qismi “a”,”z” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.