Shavkat Mirziyoyev AQSHda mehnat va istiqomat qilayotgan vatandoshlar, shuningdek, nufuzli universitetlarida tahsil olayotgan "El-yurt umidi" jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda muvaffaqiyatli tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan vatandoshlar va yoshlar o‘rtasida muloqot maydonini yaratishga qaratilgan "Vatandoshlarning xalqaro biznes marafoni"ga start berildi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy va taʼlim aloqalarini kengaytirish va mustahkamlash, milliy iqtisodiyotning ustuvor sohalariga AQSHning ilg‘or texnologiyalarini joriy etish, tibbiyot, transport va logistika sohalarida innovatsiyalarni ilgari surish, mamlakatimizda marketpleyslarni rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildird.
Davlat rahbari yig‘ilganlarga vatan taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi uchun minnatdorlik bildirib, aytilgan barcha taklif va tashabbuslar mamlakat vazirlik va idoralari tomonidan puxta o‘rganib chiqilishi, eng istiqbollilari esa amaliyotga tatbiq etilishini taʼkidladi.
O‘zbekiston prezidenti AQSHda "El-yurt umidi" stipendiatlari soni 500 nafardan oshganiga alohida eʼtibor qaratdi. Isteʼdodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va tajribasini ona yurtda qo‘llash uchun imkoniyat yaratish davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini taʼkidladi.
Shavkat Mirziyoyev talabalarga o‘qishda va kelgusidagi kasbiy faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilab, davlatimiz yoshlarning tashabbuslariga doimo ochiqligi va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini taʼkidladi.