Amerika Qo‘shma Shtatlarida qidiruvdagi shaxsning joylashgan o‘rni aniqlanib, u O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xabar berdi.
Mamlakat huquq-tartibot organlari tomonidan qidirilayotgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi va mamlakatdan chiqarib yuborildi.
Ushbu shaxs Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik sodir etganlikda ayblanmoqda edi.
Amerika tomoni bilan hamkorlikda qidiruv eʼlon qilingan shaxsni mamlakat hududidan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
AQSHning Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) xodimlari kuzatuvida jinoyatchi Islom Karimov nomidagi Xalqaro aeroportga keltirildi va keyinchalik javobgarlikka tortish maqsadida Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirildi.