AQSHdan deportatsiya qilinadigan O‘zbekiston fuqarolari maxsus charter reys bilan Toshkentga olib kelinadi

Charter reysni tashkil etish ikki davlatning konsullik va migratsiya xizmatlari bilan yaqin hamkorlikda olib borilmoqda

O‘zbekiston migratsiya siyosati va fuqarolarni repatriatsiya qilish sohasida AQSH bilan hamkorlikni faol ravishda kuchaytirmoqda. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Erishilgan ikki tomonlama kelishuvlar doirasida 30-aprel kuni AQSh hududida qonuniy asoslarsiz bo‘lib turgan va deportatsiya qilinadigan xorijliklar ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish maqsadida Nyu-York – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha maxsus charter reysi tashkil etiladi.

Mazkur repatriatsiya tashabbusi xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini ta‘minlashga qaratilgan bo‘lib, xalqaro me‘yorlar, majburiyatlar va inson huquqlari doirasida amalga oshiriladi. Gap viza talablarini buzgan yoki AQShda qonuniy qolish muddati tugagan fuqarolar haqida bormoqda. Repatriatsiya jarayoni insonparvarlik va huquqiy tamoyillar asosida tashkil etilib, fuqarolarning munosib va xavfsiz qaytishini ta‘minlaydi.

Charter reysni tashkil etish ikki davlatning konsullik va migratsiya xizmatlari bilan yaqin hamkorlikda olib borilmoqda. Barcha choralar repatriatsiya qilinayotgan fuqarolarning huquqlarini maksimal darajada hurmat qilgan holda, O‘zbekiston va AQShning amaldagi qonunchiligiga qat‘iy rioya etgan holda ko‘rilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling