Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqandda yashovchi, 1992 y.t. fuqaro xorijiy fuqaroning ishonchiga kirib, uni va 4 nafar oila aʼzolarini har birini 30 ming dollardan, jami 150 ming dollar evaziga Turkiya orqali AQSHga ishlash uchun yuborishini aytadi. Bu haqda DXX xabar berdi.
U viza hujjatlarini mansabdor tanishlari orqali tayyorlab berishi uchun oldindan 15 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, poytaxtda vaqtincha istiqomat qilib kelayotgan 2004 y.t. xorijiy fuqaro boshqa chet et fuqarosining ishonchiga kirib, unga Buyuk Britaniya soxta fuqarolik pasportlarini tayyorlatib berish imkoniyati borligini aytadi.
So‘ngra, mazkur soxta pasportlar yordamida AQSHga Turkiya va BAA orqali ularni jo‘natib yuborishi evaziga jami 25 ming dollar talab qiladi. O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ushbu fuqaro oldindan 12,500 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, uning yashash xonadonidan qalbaki pasport va ID-kartalar ham ashyoviy dalil sifatida olindi.
Har ikkala holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.