O‘zbekistonda 1-maydan nimalar o‘zgaradi? (asosiy o‘zgarishlar)

Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun notijorat maqsadlarda respublikaga olib kiriladigan tovarlarni bojsiz olib kirishning meʼyorlari belgilanadi

O‘zbekistonda 2025-yil 1-maydan milliy qonunchilikda qanday o‘zgartirishlar kuchga kirishi maʼlum qilindi.

Muvofiqlikni ro‘yxatga olish osonlashadi

Muvofiqlik deklaratsiyasini sertifikatlashtirish organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinadi. Ko‘rsatilgan sanadan boshlab deklaratsiyani shakllantirish va hisobga olish Texnik jihatdan tartibga solish axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Bojsiz olib kirishning yangilangan meʼyorlari

Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun notijorat maqsadlarda respublikaga olib kiriladigan tovarlarni bojsiz olib kirishning quyidagi meʼyorlari belgilanadi:

  • havo transportida – 1 000 AQSH dollari;
  • temir yo‘l va daryo transportida – 500 AQSH dollari;
  • avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali – 300 AQSH dollari;
  • xalqaro kuryerlik jo‘natmalari orqali – 200 AQSH dollari;
  • xalqaro pochta jo‘natmalari orqali – 100 AQSH dollari.

Tadbirkorlar ustidan shartnomaviy asoslardagi davlat nazorati

Tadbirkor va qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari o‘rtasida shartnoma tuzilgan bo‘lsa, tadbirkorlik subyektlarining qurilish obyektlarida qisqa muddatli davlat qurilish nazorati tadbirlari shartnoma shartlari doirasida amalga oshiriladi va "Yagona davlat nazorati" axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.

Davlat organlari kadrlar bo‘limlari boshliqlarini attestatsiyadan o‘tkazish

2025-yil 1-maydan boshlab:

  • respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini boshqarish bo‘yicha faoliyatini davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi baholab boradi;
  • respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalarining rahbarlari ushbu qaror talablari asosida davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organida attestatsiyadan o‘tadilar.

Fonogrammadan foydalanishni cheklash choralari

2025-yil 1-maydan boshlab:

  • Davlat byudjeti va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan barcha konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanish bosqichma-bosqich cheklanadi;
  • konsert-tomosha tadbirlari reklamasida tegishincha «Jonli ijro», «Fonogrammadan foydalangan holda jonli ovoz» yoki «Fonogrammali konsert dasturi» belgilari ko‘rsatilishi kerak;
  • ijodkorlarni davlat mukofotlariga tavsiya etishda, birinchi navbatda, ularning jonli ijrodagi mahorati inobatga olinadi.

Energiya isteʼmoli uchun kompensatsiya choralari

2027-yil 1-aprelga qadar «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va yordamini oluvchi hamda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga, shuningdek, reyestrlarga kiritilmagan (daromadi har bir oila aʼzosiga eng kam isteʼmol xarajatlarining 1,5 baravaridan oshmaydigan) kam taʼminlangan oilalar mezonlariga tushuvchi oilalarga:

  • narxlar o‘rtasidagi farq oyiga elektr energiyasi isteʼmoli bo‘yicha bazaviy meʼyordan 150 kVt/soat yuqori bo‘lganda;
  • tabiiy gaz isteʼmoli bo‘yicha isitish mavsumida oyiga bazaviy meʼyordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy meʼyordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy meʼyor doirasidagi hamda bazaviy meʼyordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.

Tadbirkorlarda soliq tekshiruvi o‘tkazishning yangi tartibi

«Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash» avtomatlashtirilgan dasturi natijalariga asosan soliq bazasini yashirish (kamaytirib ko‘rsatish) holatlari bo‘yicha o‘tkaziladigan soliq tekshiruvlariga tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik subyektini xabardor qilish talabi tatbiq etilmaydi.

«Toza qo‘llar» dasturi ishga tushiriladi

Barcha sog‘liqni saqlash va taʼlim muassasalarida qo‘l yuvish joylarini sanitar-gigiyenik vositalar bilan taʼminlash va sanitar xonalarning texnik holatini yaxshilashni nazarda tutuvchi «Toza qo‘llar» dasturi ishga tushiriladi.

Toshkent va Nukus shaharlari, shuningdek, viloyat markazlarida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish taqiqlanadi:

  • asbest va sement, shlam va shlaklarni ishlab chiqarish;
  • teri-oshlovchilik, parrandachilik fabrikalari;
  • yuqori samarali chang tutuvchi va gazni tozalovchi inshootlar bilan jihozlanmagan har qanday turdagi ko‘mirni yoqish;
  • qora va rangli metallurgiya, tarkibida zaharli aralashmalar, zaharli kimyoviy moddalar bo‘lgan shisha zavodlari;
  • xavflilik darajasi bo‘yicha I va II toifaga mansub chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari.

“Halol” belgisi bilan markirovka qilishning yangi tartibi

Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti talablariga muvofiq sertifikatlangan mahsulotlar va xizmatlarni “Halol” belgisi bilan markirovka qilishni boshlash rejalashtirilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling