Prezidentga atom energetikasini rivojlantirishga qaratilgan vazifalar ijrosi yuzasidan axborot berildi – tafsilotlar

Yigʻilishda mutasaddilar loyihaning borishi, hamkorlar bilan muzokaralar yuzasidan axborot berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga atom energetikasini rivojlantirishga qaratilgan vazifalar ijrosi yuzasidan axborot berildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda energetika sohasida koʻplab loyihalar amalga oshirilgani natijasida oxirgi besh yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish 30 foiz koʻpayib, 81,5 milliard kilovatt soatga yetdi. Oshib borayotgan talabni qondirish uchun qayta tiklanadigan energiya manbalari ham faol rivojlantirilmoqda. Uning generatsiyadagi ulushi 16 foizga yetib, oʻtgan yili 3,2 gigavattli qoʻshimcha quvvat yaratildi.

Bu sohada uzoqni koʻzlash, kelajakka hozirdan zamin hozirlash kerak. 2035-yilda yurtimizda elektr isteʼmoli 121 milliard kilovatt soat boʻlishi hisob-kitob qilingan. Shu bois energetikani barcha yoʻnalishlarda rivojlantirish choralari koʻrilmoqda.

Xususan, 2030-yilga borib, jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 50 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Uzoq muddatda atom enegriyasi bazaviy manbalardan biriga aylanishi koʻzda tutilgan.

Hozirgi kunda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurish loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Uni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilish hamda “yoʻl xaritasi” tayyorlash maqsadida ishchi guruhlarning uchrashuvlari oʻtkazildi.

Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan 2025-2027-yillarga moʻljallangan Qoʻshma harakatlar rejasi ishlab chiqildi. Boʻlajak stansiya qurilishining har bir bosqichi – loyihalashtirishdan to bitgunga qadar Xalqaro atom energiyasi agentligining qatʼiy nazorati ostida boʻladi, jahonning eng ilgʻor tajribalari va xavfsizlik talablari tatbiq etiladi.

Yigʻilishda mutasaddilar loyihaning borishi, hamkorlar bilan muzokaralar yuzasidan axborot berdi. Ruxsatnomalar olish va moliyalashtirish masalalari, shuningdek, katta quvvatli atom elektr stansiyasining texnik-iqtisodiy jihatlari hamda uni barpo etish rejalari koʻrib chiqildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling

Yangiliklar