O‘zbekiston hududining katta qismida 2025-yil avgust oyi barcha kuzatuv yillari uchun eng iliq avgust oylari beshligiga kirdi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Eng issiq davrlarda havo harorati iqlim me‘yoridan 3-5 darajaga yuqori bo‘ldi. Biroq, oy davomida ekstremal yuqori harorat qiymatlari qayd etilmadi.
Respublikaning markaziy va sharqiy viloyatlarida maksimal harorat38-40 darajadan yuqori bo‘lmadi va faqat shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 41-43 darajaga yetdi.
Oy boshida, o‘rtalarida va eng oxirida issiq ob-havodan biroz qisqa muddatga dam olish davri kuzatildi. Ushbu kunlarda maksimal havo harorati 30-33 darajadan yuqori bo‘lmadi.
Havo harorati 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni 1-3 kunni,cho‘l hududlarda va eng chekka janubda ba‘zi joylarda 6-8 kunni tashkil etib, bu o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin yoki undan kam bo‘ldi.
Avgust oyida O‘zbekiston hududining katta qismida umuman yomg‘ir yog‘madi yoki faqat yomg‘ir izlari kuzatildi.
Faqat Farg‘ona vodiysi hududlarida va Toshkent viloyatining ayrim tog‘li hududlarida 1-2 kun qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi qayd etildi. Bu hududlarda oylik yog‘ingarchilik miqdori 1-7 mm ni tashkil etdi.
Respublikaning ayrim hududlarida shamol tezligi 13-18 m/ s gacha, respublika shimolida va Toshkent viloyatining baland tog‘larida 20-25 m/s gacha kuchayishi kuzatildi. Shamolning kuchayishi changli bo‘ronlar/chang-to‘zonlar bilan qayd etildi.