Hukumatning shahar yo‘lovchi transporti tizimini yana-da takomillashtirish bo‘yicha qarori qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, haydovchi bilan birga 60 va undan ortiq yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan, “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga javob beradigan M3 toifasidagi yangi avtobuslarni 2027-yil 31-dekabrgacha O‘zbekistonga import qilishda utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi qo‘llaniladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-sentyabrdan validatorlar bilan jihozlangan avtobuslarda yo‘lkira haqi transport vositasiga chiqish vaqtida to‘lanishi shart bo‘ladi.
Yo‘lovchilar transport kartasini validatorga tekkizish orqali yo‘lkirani to‘lashi, shuningdek, bank kartalari, smartfonlar va boshqa kontaktsiz elektron to‘lov vositalari yordamida NFC, QR-kod, biometrik identifikatsiya, BLE, UWB hamda boshqa zamonaviy texnologiyalar orqali to‘lovni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.
Imtiyozli yoki bepul qatnov huquqiga ega fuqarolar esa ijtimoiy yoki transport kartasini validatorga tekkizish orqali ushbu huquqini tasdiqlaydi.
Qarorga muvofiq, yo‘lkira avtobusga chiqish vaqtida belgilangan usullar orqali to‘lanmasa yoki imtiyozli qatnov huquqi tasdiqlanmasa, yo‘lovchi chiptasiz harakatlanayotgan deb hisoblanadi.