Ish haftasi davomida havo harorati asta-sekin koʻtarilishi kutilmoqda

Chorshanba kuni faqat Fargʻona vodiysi viloyatlari boʻyicha qisqa muddatli momaqaldiroli yomgʻirlar yogʻishi mumkin

Bugun va ertaga Oʻzbekiston hududining katta qismida yogʻingarchiliksiz ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Bu haqda Oʻzgidromet xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Fargʻona vodiysi viloyatlarida kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

23-aprel – chorshanba kuni faqat Fargʻona vodiysi viloyatlari boʻyicha qisqa muddatli momaqaldiroli yomgʻirlar yogʻishi mumkin. 24-25-aprel kunlari respublikaning barcha hududlari boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi.

Dam olish kunlari kuzatilgan salqin havodan soʻng, ushbu hafta davomida havo harorati asta-sekin koʻtarilishi kutilmoqda. Bugun kunduzi respublika boʻyicha harorat 20-25 daraja, ish haftasining oxiriga kelib 25-30 daraja, shimolda, janubda va choʻl hududlarda baʼzi joylarda 31-33 darajagacha boʻladi.

Shamol birozdan oʻrtacha tezlikgacha esadi, 24-25-aprelda ayrim joylarda 13-18 m/s gacha kuchayadi. 21-22-aprel kunlari respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkentda bugun kechga tomon va ertaga kunning ikkinchi yarmida biroz qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Havo harorati 21-24 daraja boʻladi.

23-25-aprel kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat 25-28 darajagacha koʻtariladi. Harorat asosan kechalari 12-15 daraja boʻladi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling