Toshkentda 7 nafar bola hovuzda cho‘kdi, ularning 1 nafari vafot etdi

Ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda 7 nafar bola xonadonlardagi hovuzda cho‘kkani, hodisalar oqibatida 2 nafari vafot etganligi haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura maʼlumot berdi.

Aniqlanishicha, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga 12-maydan 10-iyulga qadar Toshkentning turli hududlardagi yashash manzillaridan 7 nafar voyaga yetmagan bolani cho‘kishi bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushgan. 

Shundan 4 nafar voyaga yetmagan bolaga davolanishdan so‘ng yashash manzillariga ruxsat berilgan, 2 nafar voyaga yetmagan bola davolanmoqda, shundan 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.

Shuningdek, 1 nafar bola qarovsiz qolganligi oqibatida xonadonda mavjud bo‘lgan basseynga tushib ketishi natijasida vafot etgan. Voyaga yetmagan bola tibbiy muassasaga olib borilgan vaqtda unda biologik o‘lim qayd etilgan.

Ushbu holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling