Prezidentning “Toshkent shahrida N.E. Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Filialda taʼlim faoliyati 2026/2027-o‘quv yilidan boshlanadi. Filialga talabalarni o‘qishga qabul qilish davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
2025/2026-o‘quv yilidan Moskva davlat texnika universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti hamkorligida magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Filial bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy maʼlumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
Shuningdek, davlat rahbari “Olmaliq davlat texnika institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Olmaliq filialida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini Institutda davom ettiradi hamda 2025/2026-o‘quv yilidan bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Institut diplomi beriladi.
Institutning yuqori kurs talabalari haq to‘lanadigan amaliyotga jalb etiladi. Institutda geologiya, metallurgiya va texnikaga ixtisoslashgan ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etiladi.
Ushbu maktabda taʼlim olish uchun akademik ko‘rsatkichlari yuqori talabalar tanlov asosida saralab olinadi va amaliyotga yo‘naltirilgan maxsus taʼlim dasturlari asosida o‘qitiladi.
“GeoMetTex” ilg‘or muhandislik maktabi yo‘nalishiga mos sanoat hamkorlari belgilanib, ularni texnik va texnologik jihatdan taʼminlash uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi.