Endi “Afrosiyob” Kattaqo‘rg‘onda ham to‘xtab o‘tadi

“Bulung‘ur – Samarqand shahri - Juma – Kattaqo‘rg‘on shahri” yo‘nalishida elektr poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

“Afrosiyob”ning Kattaqo‘rg‘on bekati tashkil etiladi. Bu haqda Samarqand shahar hokimligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bu prezidentning “Samarqand viloyatida investisiya va tadbirkorlik muhitini  yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Samarqand viloyatining tuman (shahar)larini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi”da ko‘zda tutilgan.

Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga 2025 yilda “Afrosiyob” poyezdining “Toshkent – Buxoro” yo‘nalishida Kattaqo‘rg‘on punktiga to‘xtab o‘tishini hamda “Samarqand – Kattaqo‘rg‘on” elektr poyezdi yo‘nalishlarini tashkil etish  vazifalari topshirilgan.

Shuningdek, “Bulung‘ur – Samarqand shahri - Juma – Kattaqo‘rg‘on shahri” yo‘nalishida elektr poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish belgilangan. Buning uchun zamonaviy poyezd vagonlari olib kelish, oraliq to‘xtash temiryo‘l bekatlari infratuzilmasini yaxshilash rejalashtirilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling