Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markazida sunʼiy intellekt bo‘yicha xalqaro forumning tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirdan avval davlat rahbari yoshlar tomonidan yaratilgan sunʼiy intellekt loyihalari va startaplar taqdimoti bilan tanishdi.
Iqtidorli yoshlar bilan muloqotda davlat rahbari axborot texnologiyalari sohasining strategik ahamiyati, uning mamlakat barqaror rivoji va raqobatbardoshligida hal qiluvchi o‘rin tutayotganini alohida taʼkidladi. Taqdim etilgan turli sohalarga oid innovatsion ishlanmalar O‘zbekistonda shakllanayotgan zamonaviy raqamli ekotizim hamda amalga oshirilayotgan islohotlarning real samarasi ekanligi qayd etildi.
Shu bilan birga, prezident startap va texnologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish, ishlanmalarni milliy miqyosda amaliyotga tatbiq qilish hamda ularni xalqaro bozorga olib chiqish muhimligini taʼkidladi. Bu bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi.
Davlat rahbari forumda ishtirok etayotgan xalqaro tashkilotlar va jahonning yetakchi kompaniyalarini yurtimizda sunʼiy intellekt sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikka chaqirdi.
Xorijiy ekspertlar keyingi besh yilda sunʼiy intellekt texnologiyalari O‘zbekiston iqtisodiyotida kamida 10 mlrd dollarlik qo‘shimcha qiymat yaratishini prognoz qilyapti.
Bunday yuqori ko‘rsatkichlarga erishish uchun barcha zarur asoslar va imkoniyatlar mavjud.
2030-yilga qadar faqat AT xizmatlari eksportini 5 mlrd dollarga yetkazish, sohada yetishib chiqadigan millionlab yoshlar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha katta marralar olingani taʼkidlandi.
Mamlakatja sunʼiy intellekt ekotizimini barcha sohalarda joriy etish maqsadida kelgusi yil AQSHning “Nvidia” kompaniyasi bilan katta super kompyuter klasteri ishga tushiriladi.
Endilikda yoshlarimiz maktabdan tashqari ham sunʼiy intellekt bilan ishlash ko‘nikmalariga o‘rgatiladi. Buning uchun mamlakatning barcha hududlaridagi “Kelajak markazlari”da SI maktab dasturi joriy qilinadi.
O‘zbekistonda maktablar o‘rtasida har yili sunʼiy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap g‘oyalari bo‘yicha tanlov o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Respublikadagi 14 ta hududning har birida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan maktabda eng zamonaviy sunʼiy intellekt laboratoriyasi tashkil etiladi va g‘oyalarni tijoratlashtirish bo‘yicha ilg‘or kompaniyalar bilan hamkorlik o‘rnatiladi.
Sohadagi istiqbolli yoshlarni aniqlash va ularni qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida “Sunʼiy intellekt bo‘yicha Prezident tanlovi” tashkil etiladi.
Chekka tumanlardan tortib, respublika darajasigacha har yili 100 nafar eng iqtidorli yoshlar saralab olinadi. Ular AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari, Yevropaning ilg‘or texnologik kompaniyalariga stajirovkaga yuboriladi. Keyingi bosqichda oliygohlar uchun ham ushbu amaliyot joriy etiladi.
Yuqorida aytilgan maqsadlar uchun 100 mln dollar ajratildi hamda mazkur mablag‘ katta rejalar ijrosini taʼminlashga yo‘naltiriladi.
"Bugun biz Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million dasturchi” loyihasining uzviy davomi sifatida “5 mln sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasiga start beramiz. Bu oddiy dastur emas, balki yoshlarimiz uchun yangi imkoniyatlar olamidir", – dedi davlat rahbari.
Loyiha doirasida 2030-yilga qadar 4 mln 750 ming maktab o‘quvchilari va talabalar, 150 ming nafar o‘qituvchilar hamda 100 ming nafar davlat xizmatchilarini o‘qitish ko‘zda tutilgan.
Davlat rahbari sunʼiy intellektni keng targ‘ib qilish, yurtimizga ilg‘or mutaxassis va ekspertlarni jalb etish, iqtidorli yoshlarni sohaga yana-da qiziqtirish, ularni rag‘batlantirish maqsadida mamlakatda har yili noyabr oyini “Yoshlar uchun sunʼiy intellekt oyligi” deb eʼlon qilish, uning doirasida “Ipak yo‘li sunʼiy intellekt forumi”ni o‘tkazib borishni taklif qildi.
Marosim yakunida O‘zbekistonda “5 mln sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasiga start berdi.