Andijonda tunel qaziganlarga hukm o‘qildi

Qonunbuzarga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

2024-yilning mart oyida Xonobod shahar, “A.Navoiy” MFY hududini Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati, Suzoq tumani, Bekobod qishlog‘i bilan bog‘lovchi yashirin yerosti tunneli aniqlangan edi.

Dastlab 1986 y.t. Qirg‘iziston fuqarosi yerosti yo‘li orqali O‘zbekistonga umumiy bahosi 5 mlrd 954 mln so‘mlik 812 dona mobil telefon vositalarini olib o‘tib, O‘zbekistonda esa qiymati 1 mlrd 558 mln so‘mga teng bo‘lgan 1 kg 734 gramm nostandart quyma oltin buyumlarni olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olindi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, uning Andijon shahri va Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1971, 1979 va 1980 yillarda tug‘ilgan 3 nafar sherigiga tegishli manzillarda mazkur yerosti yo‘lagi orqali olib o‘tilgan 2 mlrd 839 mln so‘mlik jami 1380 dona mobil telefon apparatlari, 32 dona quloqchinlar, 920 dona adapterlar, 338 dona USB-S kabellar, 40 dona quvvatlagichlar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Yer osti tunneli 18-20 metr chuqurlikda joylashgan bo‘lib, uning kengligi 60-70 sm ni, balandligi 170-180 sm ni, uzunligi esa 300-350 metrni tashkil qiladi.

Olib borilgan tergov jarayonlarida ushbu uyushgan jinoiy guruhga 1983 y.t. Qirg‘iz Respublikasi fuqarosi rahbarlik qilganligi aniqlanib, u tomonidan guruh aʼzolari o‘rtasida vazifalar taqsimlangan. Hozirda unga nisbatan ham alohida jinoyati ishi olib borilmoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi tomonidan 1986 y.t. Qirg‘iz Respublikasi fuqarosi Jinoyat Kodeksning 182 va 223-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 6 yil muddatga, 3 nafar O‘zbekiston fuqarolari esa Jinoyat Kodeksining 182-moddasi bilan aybdor deb topilib, ularning har biri 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Sud hukmiga muvofiq, ulardan olingan tovar-moddiy boyliklar hamda Xonobod shahri A.Navoiy MFYdagi xonadon undagi “yer osti tunneli” ko‘mish yo‘li bilan yo‘q qilinib, davlat foydasiga musodara qilindi.

Bundan tashqari, 1984 y.t. O‘zbekiston fuqarosining Xonobod shahar “A.Navoiy” MFYdagi xonadonida aniqlangan ikkinchi yerosti tunneli ham sud hukmiga muvofiq, tegishli tartibda yo‘q qilinib, mazkur uy hamda ashyoviy dalil sifatida olingan tovar-moddiy boyliklar davlat foydasiga musodara qilindi.

Qonunbuzarga nisbatan esa 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Tergov jarayonida, ushbu yerosti tunnellari orqali Qirg‘iz Respublikasidan olib o‘tilgan turli rusumdagi mobil telefon apparatlari Andijon va Toshkent shaharlaridagi savdo markazlarida sotuvga chiqarilganligi aniqlanib, hozirda mazkur yo‘nalishda tegishli surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling