Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Binance kripto-birjasi O‘zbekiston hududida mijozlarga xizmat ko‘rsatish masalasi yuzasidan tegishli kelishuvga erishdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, agentlik eng yirik kripto-birjalaridan biri – Binance tomonidan O‘zbekiston foydalanuvchilariga xizmat ko‘rsatish masalasini hal qildi.
Mamlakat hududida Binance kripto-birjasi o‘z faoliyatini qonunchilik bilan belgilangan tartibda mahalliy “CoinPay” MCHJ orqali amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun: “COINPAY” MCHJ kripto-aktivlar aylanmasi sohasida rasmiy xizmat ko‘rsatuvchi provayder bo‘lib, u kripto-birja va kripto-do‘kon faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli lisenziyalarga ega.
O‘zbekiston rezidentlari Binance platformasiga “COINPAY” MCHJning tegishli resurslari orqali kirishlariga imkoniyat beriladi. Shu bilan birga, foydalanuvchilar o‘z mablag‘larini bank kartalari va milliy to‘lov tizimlari orqali milliy valyutada kiritish hamda chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tizimni ishga tushirish, hamkorlar platformalarining barcha modullari, jumladan, milliy to‘lov tizimlari bilan integratsiyalashganidan so‘ng amalga oshirish rejalashtirilgan. Tizimning ishga tushirilishi haqida hamkorlarning rasmiy resurslarida (CoinPay i Binance) qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling