Qashqadaryoda 100 dan ortiq Zarafshon archalari kesilgani aniqlandi

Holatlar yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan chora belgilash masalalari koʻrib chiqilmoqda

Dehqonobod davlat oʻrmon xoʻjaligi Duob oʻrmon boʻlimi hududida jami 104 dona Zarafshon archa daraxtlari tag qismidan kesilganligi va oʻsishdan toʻxtamas darajasida shikastlantirilganligi aniqlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.

Xususan, Duob oʻrmon boʻlimi 4 sarhad hududida fuqaro K.M. tomonidan 3 dona Zarafshon archa daraxtlari tag qismidan oʻsishdan toʻxtash darajasida kesib tashlanganligi aniqlangan va fuqaroga nisbatan jarima qoʻllanilib, Oʻrmon xoʻjaligiga yetkazilgan 51 mln 810 ming soʻm zarar hisoblangan.

Shuningdek, Duob oʻrmon boʻlimi boshligʻi vazifasida ishlagan Z.B. hamda 4 sarhad oʻrmon qoʻriqchisi vazifasida ishlagan H.E.ga oʻz lavozim vazifasiga loqaydlik bilan qaraganligi uchun maʼmuriy jarima qoʻllanilgan.

Bundan tashqari, shu hududda Zarafshon archa daraxtlarining 38 donasi nomaʼlum shaxslar tomonidan tag qismidan va yon shoxlari kesilganligi ham aniqlandi.

Oʻrmon qoʻriqchisi H.E.ga takroriy maʼmuriy jarima qoʻllanilib, oʻrmon xoʻjaligiga 94 mln 387 ming 500 soʻm zarar yetkazilganligi hisoblangan.

Bundan tashqari, Duob oʻrmon boʻlimi 3 sarhad hududida ham nomaʼlum shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda 6 dona Zarafshon archa daraxtlari oʻsishdan toʻxtash darajasida tag qismidan va oʻsishdan toʻxtamaslik darajasida kesib ketilganligi aniqlangan.

Hudud oʻrmon qoʻriqchisi R.B.ga nisbatan maʼmuriy chora qoʻllanilib, oʻrmon xoʻjaligiga yetkazilgan 41 mln 400 ming soʻm zarar yetkazganligi maʼlum boʻlgan.

Qolaversa, aynan mazkur hududda fuqaro H.A. tomonidan 8 dona (zarar miqdori 25 mln 387 ming 500 soʻm) Zarafshon archasi tag qismidan va yon shoxlari kesilayotganligi aniqlangan va maʼmuriy jarima qoʻllanilgan.

Shu bilan birga, nomaʼlum shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda 49 dona Zarafshon archa daraxti oʻsishdan toʻxtash darajasida tag qismidan va yon shoxlari oʻsishdan toʻxtamaslik darajasida kesib ketilgan.

Natijada oʻrmon xoʻjaligiga 176 mln 587 ming 500 soʻm zarar yetkazilgan va zararni undirish uchun hujjatlar Dehqonobod tuman prokuraturasiga oʻtkazilgan.

Duob oʻrmon boʻlimi hududida jami 104 dona Zarafshon archa daraxti tag qismidan kesilgan va oʻsishdan toʻxtamas darajada shikastlantirilgan.

Holatlar yuzasidan oʻz vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan maʼsul shaxslarga, huquqbuzarlarga nisbatan chora belgilash masalalari koʻrib chiqilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling