Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Bobotog‘” nasos stansiyasining 1-kollektori 7-uchastkasida 30-iyun kuni soat 12:50 larda diametri D-2850 mm bo‘lgan quvur yorildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hodisa natijasida yuqori bosimli suv otilishi kuzatilgan. Avariya yuzasidan zudlik bilan dastlabki choralar ko‘rilgan: 1-kollektordagi 3 ta nasos agregati faoliyati favqulodda to‘xtatilgan.
Shundan so‘ng maxsus tezkor brigada hodisa joyiga yetkazilib, ta‘mirlash ishlari olib borilgan. Soat 21:00 da ta‘mirlash ishlari to‘liq yakunlangan va 21:20 da nasos agregatlari qayta ishga tushirilgan.
Hodisa oqibatida yaqin atrofdagi aholi xonadonlari hamda nasos stansiyasi inshootlariga hech qanday ziyon yetmagan.
Hozirda nasos agregatlari odatdagi ish tartibida faoliyat yuritmoqda.