Bojxona qoʻmitasi tarkibida Tashqi iqtisodiy faoliyat ilmiy markazi tashkil etiladi

Bojxona institutida bakalavriatda dual taʼlim asosida oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi

Prezident qaroriga asosan, mamlakat iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash hamda bojxona organlari faoliyati samaradorligini oshirish masalalarini ilmiy asoslangan holda oʻrganish uchun Bojxona qoʻmitasi tarkibida Tashqi iqtisodiy faoliyat ilmiy markazi tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

2026-yil 1-yanvarga qadar Bojxona institutida quyidagi axborot tizimlari joriy etiladi:

  • taʼlim jarayonlarini tashkil etish va boshqarish boʻyicha “Taʼlim menejmenti” avtomatlashtirilgan axborot tizimi;
  • professor-oʻqituvchilar faoliyati samaradorligini reyting baholash boʻyicha “Samaradorlikni baholash” moduli;
  • bojxona organlari xodimlari malakasini oshirish boʻyicha “Malaka” avtomatlashtirilgan axborot tizimi.

2025/2026 oʻquv yilidan bakalavriatda dual taʼlim asosida oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, magistraturada toʻlov-kontrakt asosida taʼlim muddati ikki yil boʻlgan sirtqi taʼlim shakli joriy etiladi.

2025-yil 1-iyuldan sugʻurta tashkilotlari bilan bojxona organlari axborot tizimlarini oʻzaro integratsiya qilgan holda chegara orqali harakatlanayotgan avtotransport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish mexanizmi yoʻlga qoʻyiladi. Bunda:

  • bojxona postiga kirib kelgan avtotransport vositasi egasining fuqarolik javobgarligi toʻgʻrisida sugʻurta polisini rasmiylashtirish bojxona organlari axborot tizimlari orqali amalga oshiriladi;
  • Bojxona qoʻmitasining tegishli dasturlari Istiqbolli loyihalar milliy agentligining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qilinadi;
  • chet davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazilgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish fuqarolik javobgarligi toʻgʻrisida sugʻurta polisi mavjud boʻlganda amalga oshiriladi.
telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling