Foto: Tez News
Fargʻonada Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialining bolalar reanimatsiya boʻlimida “Dok-1 Maks” siropidan zaharlangan Quvasoy shahrida yashovchi 3 yoshli bola davolanmoqda. Bu haqda viloyat SSB rahbari Abduqayum Toʻxtaqulov OʻzAga maʻlum qildi.
Sogʻliqni saqlash boshqarmasi rahbarining xabar berishicha, bolaning umumiy ahvoli ogʻir, hushida. Bemorga tasdiqlangan davolash standarti asosida davo muolajalari olib borilmoqda.
“Viloyatdagi vaziyatni shaxsan oʻzim nazoratga olganman. Yana bir bor aholimizdan isitma tushiradigan dori vositalarini faqat shifokor tavsiyasi va nazoratida qabul qilishni soʻrayman. Qolaversa, farzandlarimizga shifokorning aniq tavsiyasisiz, oʻzboshimchalik bilan dori preparatlarini bermaslikni iltimos qilib qolamiz”, — deydi Abduqayum Toʻxtaqulov.
Xabarga koʻra, bugungi kunda bolalarni tabletka va sirop dori vositalaridan zaharlanishini oldini olish maqsadida viloyatdagi barcha davolash profilaktika muassasalariga “Dok-1 Maks” preparatlaridan saqlanish boʻyicha topshiriqlar berilgan.
Xususan, tarkibida paratsetamol dozasi boʻlgan dori preparatlarini bolalar buyragiga toksik taʼsir qilishi hamda terapevtik dozani oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik, tana harorati 38 darajadan yuqori boʻlgan bolalarni tabiiy usullar bilan tana haroratini tushirish, ota-onalarga tarkibida paratsetamol saqlaydigan preparatlarni oʻzboshimchalik bilan ichirmaslik toʻgʻrisida targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq “Dok-1 Maks” dori vositasidan 18 bola vafot etgan, keyinroq esa Qashqadaryo viloyatida ham bir yoshli bola mazkur dori isteʻmol qilishi oqibatida vafot etgandi. Oʻzbekistonda “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish boshlangan. Sogʻliqni saqlash vaziri “Dok-1 Maks”dan vafot etgan bolalarning ota-onalariga hamdardlik bildirgan hamda DXX “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bogʻliq holat yuzasidan jinoyat ishi ochgani haqida xabar berilgandi.
Shundan soʻng, Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi “Dok-1 Maks” siropini ishlab chiqarishni toʻxtatgan edi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling