Foto: UzA
Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida 1 yoshli bola “Dok-1 Maks” siropidan vafot etdi. Bu haqda viloyat prokuraturasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Dehqonobod tuman yashagan bir yoshli bola 5 kun davomida oʻz turar joyida “Dok-1 Maks” siropini isteʼmol qilib kelgan. Shundan soʻng, sogʻligi yomonlashgani sababli 27-dekabrda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy amaliy markazi Qashqadaryo filialiga olib kelingan. Biroq, koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, u 28-dekabr kuni vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Hurmatli fuqarolar, Sogʻliqni saqlash vazirligi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining 2022-yil 23-dekabrdagi buyrugʻi bilan “Dok-1 Maks” dori vositalarini dorixonalardan qaytarib olish belgilangan.
Shunga koʻra, Sizlardan “Dok-1 Maks” dori vositalarini qabul qilmaslikni, ushbu dori vositalari sotilayotganligi hamda tavsiya qilinayotganligidan xabar topsangiz darhol prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishingizni soʻraymiz”, — deyiladi prokuratura xabarida.
Avvalroq, "Dok-1 Maks" dori vositasi bilan bog'liq holat yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atilgani haqida xabar berilgan edi.