Xorazmdagi uyga asteroid tushgani haqidagi xabarlar rad etildi

Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazmdagi uylarni biriga asteroid tushgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat FVB axborot xizmati izoh berdi.

Maʼlum qilinishicha, FVBga 12-may kuni soat 03:39 da Bog‘ot tumani, “Yuksalish” mahallasidagi uy dahlizining taxminan 10 kv m tom qismi qulab tushganligi to‘grisida xabar kelib tushgan.

Hodisa sodir bo‘lgan manzilda o‘rganish ishlari olib borilgan. Hodisa joyida hech qanday fazo jismlari yoki portlash xususiyatiga ega moslamalarning qoldiqlari aniqlanmagan.

Shuningdek, o‘rganishlar davomida xonadonda ikkita propan gaz balonlari mavjudligi aniqlangan.

Hozirda hodisa yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Hodisaning kelib chiqish sababini aniqlash maqsadida maxsus ekspertiza tayinlangan. Ekspertiza xulosasiga asosan qo‘shimcha ma‘lumotlar beriladi.

Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling