Toshkentda to‘rt kishini Haj ziyoratiga yuborish uchun 26 ming dollar talab qilgan shaxslar ushlandi

Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Haj va umra ziyoratlarini qonunga xilof ravishda tashkil etishga uringan sayyohlik firmalar vakillarining harakatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turistik firmalardan birining 4 nafar xodimi 3 kishini ishchi vizasi orqali “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 7 ming dollardan va 1 kishini sayyohlik vizasi orqali yuborish evaziga 5 ming dollar, jami 26 ming dollar talab qilgan. Ular oldindan 20 ming dollar olgan vaqtlarida ushlandi.

Shuningdek, Marg‘ilonda faoliyat yurituvchi turistik firmaning ish yurituvchisi 2 nafar fuqaroni “Umra” safariga yuborish evaziga 2400 dollar, shuningdek, 3 nafar fuqaroni “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 15 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Shu bilan birga, Namangan shahrida yashovchi, 1999 y.t. shaxs joriy yilda “Haj” safariga yuborish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarga soxta eʼlonlar joylab, 3 nafar fuqaroning ishonchiga kiradi. Ularning har biridan 4900 dollar, jami 14,7 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Yana bir holatda esa Chustda faoliyat yurituvchi turistik firma rahbari “Umra” ziyoratini tashkil etish uchun tegishli litsenziyaga ega bo‘lmay turib, 3 nafar fuqaroni 1350 dollardan, jami 4050 dollarga “Umra” ziyoratiga yuborishini aytib, shundan 4 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.

Bundan tashqari, 1998 y.t. shaxs poytaxtda faoliyat yurituvchi MCHJ orqali 5 nafar fuqaroni jami 27 ming dollar evaziga “Haj” vizasi asosida diniy amallarni bajarish uchun Saudiya Arabistoniga yuborishni vaʼda qilib, oldindan 13,5 ming dollar olgan vaqtida ushlandi. 

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan barcha qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling