Fuqarolarni “Haj” va “Umra” ziyoratiga noqonuniy ravishda yuborayotgan shaxslarning harakatlariga chek qo‘yildi, deb xabar berdi DXX.
Maʼlum qilinishicha, Toshkent tumanida yashovchi, 1968-y.t., muqaddam sudlangan shaxs haj ziyoratini tashkil etishga vakolati bo‘lmasada, mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, 8 ming dollar evaziga uning ota-onasini 2025-yilda “Haj” ziyoratiga yuborishni vaʼda qilib, oldindan 2 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shuningdek, Yozyovon tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Shahrixonda yashovchi, 1987-y.t., turistik firma rahbari 4 nafar fuqaroni “Umra” ziyoratiga yuborish evaziga 4200 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Shu bilan birga, Oqoltin tumanida yashovchi, 1974-y.t. shaxs o‘zini go‘yoki sayyohlik firmasi vakili sifatida tanishtirib, 3 nafar fuqaroni “Umra” safariga yuborish evaziga jami 3450 dollar talab qiladi. Ushbu shaxs oldindan 1100 dollar hamda 1 mln 290 ming so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Bundan tashqari, Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi xususiy aviakassa raxbari mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uning qarindoshini “Umra” safariga yuborishini aytib, buning evaziga 1200 dollar talab qiladi. Uning ko‘rsatmasi bilan aviakassa xodimi oldindan 10 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.