Navoiy, Andijon, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.
Navoiy viloyatining Karmana tumanida yashovchi xususiy tadbirkor o‘zganing ishonchiga kirib, tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 1 gektar bo‘sh yerni go‘yoki o‘ziga tegishli ekanligini aytgan. Unga sotish va mansabdor tanishlari orqali kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 2 mlrd so‘m talab qiladi.
U so‘ralgan pul mablag‘idan 1 mlrd so‘mni Navoiy shahrida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida yashovchi, 1992 va 1994 yillarda tug‘ilgan aka-uka davlat zaxirasida bo‘lgan 2 gektar yerni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan. Buning evaziga 300 ming dollar talab qilishadi.
Ulardan biri so‘ralgan pul mablag‘idan 50 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi paxtachilik va g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbari mazkur xo‘jalikning 50 sotix sug‘oriladigan yer maydonini xaridorga 55 ming dollarga sotishga kelishgan.
U shundan 45 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.
Quva tumanidagi qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi MCHJ rahbari mazkur korxonani 10 sotix yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga turar-joy sifatida rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan.
Buning evaziga 35 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Toshkent shahrida yashovchi, 1964 y.t. fuqaro Toshkent tumanida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 16 sotix yer maydonining har bir sotixini 22 ming dollardan, jami 352 ming dollarga xaridorga sotishga kelishib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan. U oldindan 30 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning sherigi bo‘lgan – Toshkent tumanida yashovchi, 1952 y.t., muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs ham ushbu 30 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.