Xorazmda qariyb 20 gektar yerni 180 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan MCHJ rahbari ushlandi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hududlarda yer maydonlarini jami 500 ming dollardan ortiq mablag‘ga noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi, deb xabar berdi DXX.

Maʼlum qilinishicha, Xiva shahrida bog‘dorchilik yo‘nalishida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbari 19,9 gektar yerni go‘yoki 30 gektar ekanligini aytib, uni mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilgan. Buning evaziga 120 ming dollar hamda 80 sotix qismida “dom” qurishga ruxsat olib berish uchun 60 ming dollar, jami 180 ming dollar talab qiladi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda MCHJ rahbari talab qilingan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, Kadastr agentligining Qo‘qon shahar bo‘limi yetakchi inspektori dehqonchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikka 2024-yilda Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan 5,8 gektar sug‘oriladigan yer maydoni ajratilishida va unda yengil tipdagi issiqxona tashkil etishi bo‘yicha tegishli qaror chiqarilishida yordam berganligini ro‘kach qilib, ushbu masalani hal etishda ko‘maklashgan mansabdor tanishlariga pul mablag‘lari berishi kerakligini aytadi. U fermer xo‘jalikning ish yurituvchisidan 150 ming dollar talab qiladi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda kadastr inspektori ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.

Shu bilan birga, Angren shahrida yashovchi, 1987-y.t., muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxs shahar hududida joylashgan hamda bog‘dorchilikka mo‘ljallangan 18 sotix yerni va unga tutash bo‘lgan Ohangaron o‘rmon xo‘jaligi fondiga qarashli 2 gektar yerni 100 ming dollarga sotishini hamda 21 ming dollar evaziga kadastr tizimida ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishini aytadi.

Lekin, so‘ralgan 121 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatida “To‘palang-Qoratog‘” Irrigatsiya tizimlari boshqarmasining To‘palang gidrouzeli bo‘limi xodimi Sariosiyo tumani hududidan kesib o‘tuvchi daryo va kanal muhofaza yer maydoni bo‘lgan 32 sotix yerni 73,5 ming dollar evaziga shaxsiy mulk sifatida xaridor nomiga rasmiylashtirib berishini aytib, 70 ming dollar va 39 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling