Baxtiyor Ibragimov Oʻzbekistonning Bosniya va Gersegovinadagi elchisi etib tayinlandi

Elchi ushbu davlat Prezidiumi raisi Jelka Sviyanovichga ishonch yorligʻini topshirgan.

Baxtiyor Ibragimov Oʻzbekistonning Bosniya va Gersegovinadagi elchisi etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, elchi ushbu davlat Prezidiumi raisi Jelka Sviyanovichga ishonch yorligʻini topshirgan.

Tantanali marosimdan soʻng boʻlib oʻtgan muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Bosniya va Gersegovina oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy, madaniy va turizm sohalarida hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bosniya va Gersegovina yetakchisi Jelka Sviyanovich Oʻzbekistonda prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va ularning natijalarini yuqori baholadi. Har ikki tomon munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichiga olib chiqishga tayyor ekanligini tasdiqladi.

Baxtiyor Ibragimov bungacha OʻzbekistonningAvstriya, Albaniya va Slovakiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi sifatida akkreditatsiya qilingan edi. Xususan, diplomat 2023-yil noyabr oyida Avstriya Prezidenti Aleksandr Van der Bellenga, 2025-yil yanvar oyida Albaniya Prezidenti Bayram Begayga va shu yilning mart oyida Slovakiya Prezidenti Peter Pellegriniga oʻzining ishonch yorliqlarini topshirgan edi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling