Toshkent viloyatida 20 sotix yerni 230 ming dollarga sotmoqchi boʻlgan shaxs ushlandi

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boʻstonliq tumanida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlandi, deb xabar berdi DXX.

Maʼlum qilinishicha, Boʻstonliq tumanida yashovchi, 1980 va 1988-y.t. 2 nafar shaxs oʻzaro kelishgan holda, mazkur tuman hokimligi tomonidan bogʻdorchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan shirkatning 2 nafar aʼzosiga dala hovli qurish maqsadida ajratib berilgan 20 sotix yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, oʻzini goʻyoki ushbu yer uchastkasining egasi deb tanishtirgan, 1964-y.t. fuqaro ham yer maydonini xaridor nomiga oʻtkazib berish evaziga ushbu 230 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.

Boʻstonliq tumanida 1996-y.t. shaxs oʻzining qarindoshiga tuman hokimligining 2008-yildagi qaroriga asosan Chirchiq daryosining muhofaza zonasidan obodonlashtirish hamda qayiqlar toʻxtash joyi barpo etish uchun ajratib berilgan 36 sotix yer maydonini 150 ming dollarga sotishga kelishgan.

Shuningdek, kadastr tizimida ishlovchi tanishlari orqali tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 10 ming dollar talab qilib, jami 160 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Boshqa holatda Toshkent shahrida yashovchi, 1992-y.t. shaxs oʻzganing ishonchiga kirib, unga Boʻstonliq tumanida joylashgan va 8 nafar fuqaroga tegishli boʻlgan 72,6 sotix noturar yer maydonining har bir sotixini 14,900 dollardan hisoblab, jami 1 mln 81 ming 740 dollarga sotishga kelishishadi.

Shuningdek, mansabdor tanishlari orqali ushbu yer maydonini turar joy toifasiga oʻtkazib, u yerda koʻp qavatli uy qurish uchun ruxsat olib berish evaziga 10 ming dollar talab qiladi.

Ammo, oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u oldindan 110 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling