Markaziy bank 100 grammli oltindan tayyorlangan o‘lchovli quymalarni tijorat banklari orqali sotuvga chiqarmoqda

Qadoqlari but oltin quymalar sotuv shoxobchalarida quyma egasiga to‘lovni amalga oshirish orqali qaytarib sotib olinadi

Markaziy bank aholining investisiya va jamg‘arish imkoniyatlarini yanada oshirish hamda qimmatbaho metallar muomalasini kengaytirish maqsadida 17-yanvardan 5, 10, 20, 50 grammli o‘lchovli oltin quymalarga qo‘shimcha ravishda og‘irligi 100 gramm bo‘lgan oltindan tayyorlangan o‘lchovli quymalarni tijorat banklari orqali sotuvga chiqarmoqda.

Quymalar maxsus himoya qadoqlarida sotuv uchun taqdim etiladi. Oltin quymalarning qadog‘i sertifikat vazifasini bajarib o‘z seriya raqamiga ega bo‘ladi. Oltin quymalarning sotish narxlari har kuni Markaziy bankning rasmiy veb-saytida milliy valyutada e’lon qilib boriladi.

Qadoqlari but oltin quymalar sotuv shoxobchalarida quyma egasiga to‘lovni amalga oshirish orqali qaytarib sotib olinadi.

Qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan oltin quymalarni qaytarib sotib olish ularni texnik ekpertizadan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi va ekspertiza o‘tkazilgandan so‘ng to‘lov to‘lab beriladi.

Qadog‘i but holatdagi oltin quymalarni O‘zbekiston hududidan tashqariga olib chiqishga ruxsat beriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling