Adliya vazirligi tomonidan shoir Shamsiddin Toʻrayevning murojaati asosida "Davlating borida”, “Omonat” va “Tingla doʻstim” nomli sheʼrlari xonanda Botir Qodirov tomonidan huquq egasi ruxsatisiz hamda tegishli tartibda mualliflik haqini toʻlamasdan foydalanilganligi aniqlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sudga yuborildi. Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudining qaroriga koʻra, huquqbuzarga nisbatan BHMning 5 baravari – 1 mln 875 ming soʻm jarima jazosi tayinlandi.
Avvalroq xonanda Yulduz Turdiyeva ham shoirning “Ishqingda kuygan” sheʼrini uning ruxsatisiz “Kuymaslar” nomi ostida kuylab kelgani uchun Adliya vazirligiga murojaat qilib tomonlar kelishuviga erishilgan edi.