Markaziy bank asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirdi

Yangilangan prognozlarga koʻra, 2025-yil yakuniga umumiy inflyatsiya 7-8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda

Markaziy bank boshqaruvi 23-yanvardagi yigʻilishida asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu haqda MB matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, soʻnggi oylarda umumiy inflyatsiya pasayib borishi bilan birga iqtisodiyotdagi inflyatsion omillar turli yoʻnalishlarda shakllanmoqda.

Kelgusi choraklarda inflyatsiyaga oʻtgan yilgi energiya narxlari erkinlashtirilishining taʼsiri kamayib borishi kutilayotganligiga qaramasdan inflyatsion kutilmalar yuqori darajada saqlanib qolayotganligi pul-kredit sharoitlarini nisbatan qatʼiy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Qabul qilingan qaror bazaviy inflyatsiya koʻrsatkichlari va inflyatsiya kutilmalarini barqaror pasayish trendiga qaytarishga va oʻrta muddatli istiqbolda 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoit yaratishga qaratilgan.

Umumiy inflyatsiya darajasi 2024-yil oktyabr oyidan pasayish trendiga oʻtib, dekabrda yillik 9,8 foizni tashkil etdi. Ushbu trendga narxlar barqarorlashuvining mustahkamlanayotganligining ifodasi sifatida qarash mumkin. 2024-yil yakunida isteʼmol savatidagi tovar va xizmatlarning toʻrtdan uch qismida narxlar oʻsishi 2023-yilga nisbatan sekinlashdi.

Ayni paytda, dekabr oyida bazaviy inflyatsiya biroz tezlashib, 7,2 foizgacha oshdi. Bunda xizmatlar va nooziq-ovqat tovarlari bazaviy inflyatsiyasi nisbatan yuqori darajada shakllanayotgani taklif omillari bilan bir qatorda yalpi talab ortishi bilan bogʻliq inflyatsiyani keltirib chiqaruvchi omillar mavjudligini koʻrsatmoqda.

Iqtisodiyotda 2023-2024-yillardagi isteʼmol va investitsion faollikning yuqori darajasi saqlanib qolmoqda. Xususan, ish haqi va transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmining yuqori oʻsishi aholi real daromadlari oshishiga xizmat qildi. Bu esa yuqori iqtisodiy faollik fonida kelgusi oylarda ham yalpi talabni qoʻllab-quvvatlovchi taʼsirga ega boʻlib, bazaviy inflyatsiyaga oshiruvchi bosim yaratishi mumkin.

2024-yil noyabr-dekabr oylarida mavsumiy xarakterga ega taklif omillarining namoyon boʻlishi hisobiga aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalari darajasida oʻsish qayd etildi.

Kelgusida inflyatsiyaga ushbu taʼsirlarning kamayib borishi, nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari hamda makroiqtisodiy barqarorlikning taʼminlanishi inflyatsion kutilmalarning pasayishiga yordam beradi.

Yangilangan prognozlarga koʻra, 2025-yil yakuniga umumiy inflyatsiya 7-8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

2025-yilning birinchi yarmida 2024-yildagi energiya narxlari erkinlashtirilishining birlamchi taʼsiri tugab borishi II chorak yakunida umumiy inflyatsiyaga sezilarli pasaytiruvchi taʼsirga ega boʻladi. Shu bilan birga, 2025-yilda mazkur islohotning navbatdagi bosqichi amalga oshirilishi muddati bir oyga farqlanishi hisobiga aprel oyida umumiy inflyatsiya darajasining vaqtincha oshishi kutilmoqda.

Kelgusida yuqoridagi oʻzgarishlarning bazaviy inflyatsiyaga ikkilamchi taʼsirlari darajasi pul-kredit sharoitlari yoʻnalishlarini belgilovchi muhim omil boʻladi.

2025-yilda yuqori iqtisodiy faollik hisobiga yalpi ichki mahsulot oʻsishi tendensiyasi davom etib, yil yakunida 6 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda. Bunda xususiy investitsiyalar ortishi iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlovchi omil boʻlib, tovar va xizmatlar taklifining ortishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, kelgusi choraklarda jahon bozorida ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining narxi oʻsishi boʻyicha xatarlar import narxlari orqali inflyatsiyaga oshiruvchi taʼsirga ega boʻlishi mumkin.

2024-yil soʻnggi oylaridagi real samarali almashuv kursining maʼlum darajada mustahkamlanishi qisqa muddatli xarakterga ega boʻlib, ayrim savdo hamkorlar valyutalarining qadrsizlanishi hamda bizda inflyatsiya darajasi ularga nisbatan yuqoriligi taʼsirida shakllandi. 2025-yilning ikkinchi yarmida inflyatsiya darajasi pasayib borishi bilan real samarali almashuv kursi oʻzining oʻrta muddatli trendi darajasiga qaytishi kutilmoqda.

2024-yildagi joriy operatsiyalar hisobi saldosi yaxshilanishi va 2025-yilda savdo hamkor davlatlarda makroiqtisodiy holat nisbatan barqaror boʻlishi taxmin qilinayotgani hamda almashuv kursiga taʼsir etuvchi ichki omillar boʻyicha sezilarli xatarlar kutilmayotgani, oʻrta muddatli istiqbolda ichki valyuta bozorida muvozanatli tendensiyalar vujudga kelishi boʻyicha kutilmalarni shakllantirmoqda.

Pul bozoridagi foiz stavkalari va davlat qimmatli qogʻozlari boʻyicha daromadlilik koʻrsatkichlari joriy pul-kredit sharoitlarining nisbatan qatʼiyligini koʻrsatmoqda. Iqtisodiyotdagi real foiz stavkalari aholining jamgʻarishga moyilligini kuchaytirmoqda.

Pul-kredit sharoitlari qatʼiylik darajasi saqlab qolinishi natijasida kelgusida ham kreditlash hajmining oʻsishi moʻtadil boʻlishi va depozitlarning yuqori oʻsish surʼatlari davom etishi yalpi talabni muvozanatlashtiruvchi va monetar omillarning inflyatsiyaga taʼsirini kamaytiruvchi xususiyatga ega boʻladi.

Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, oʻrta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani oʻzgarishsiz, 13,5 foiz darajasida qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Oʻrta muddatli istiqbolda Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetigacha barqaror pasayib borishi uchun pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qatʼiy shakllanishini taʼminlab boradi.

Iqtisodiyotdagi yalpi talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kutilganidan koʻra kuchayishi boʻyicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qatʼiyligi qayta koʻrib chiqilishi mumkin.

Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi 2025-yil 13-mart kuniga belgilangan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling