Bukmekerlik xizmatlarini reklama qilgan ayrim blogerlarga chora ko‘rildi

Tegishli hujjatlar sudga yuborildi.

Raqobat qo‘mitasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan reklamalarning amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan o‘rganishlar olib borilmoqda. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Olib borilgan o‘rganishlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir necha yuz minglab kuzatuvchilariga ega bo‘lgan blogerlar o‘zlariga tegishli sahifalarda bukmekerlik xizmatlarini reklama qilayotgan holatlari kuzatilgan.

Bukmekerlik tovar belgisidan foydalangan, shuningdek qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi sahna ko‘rinishlari orqali joylashtirilgan video-roliklar quyidagi shaxslarga tegishli ekanligi aniqlandi:

  • fuqaro Shodiyev Jasurbek G‘ulomjon o‘g‘li (jasjannew);
  • fuqaro Normamatov Dadabek Baxrom o‘g‘li (allme. uz);
  • fuqaro Raxmatov Sherxon Lutfullo o‘g‘li (sherxon.zdss);
  • fuqaro Xasanboyev Xojiakbar Zulxaydar o‘g‘li (hojiakbar_ku).

Yuqoridagi holatlar yuzasidan Raqobat qo‘mitasi tomonidan blogerlar  belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortilib, tegishli hujjatlar sudga yuborildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling