Buxoroda qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari hamda madaniy boyliklarni noqonuniy ravishda xorijga olib chiqishga urinish bartaraf etildi. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Buxoro – Sankt-Peterburg yo‘nalishidagi aviareys orqali xorijga uchib ketmoqchi bo‘lgan fuqaro umumiy qiymati 165 mln so‘m bo‘lgan zargarlik buyumlarini bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida ma‘lum qilmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etmagan.

Natijada, olib chiqish me‘yoridan ortiqcha bo‘lgan jami 37 dona, og‘irligi 226,04 gramm bo‘lgan zargarlik buyumlari hamda tarixiy ahamiyatga ega 16 dona ko‘krak nishonlari va tangalar aniqlanib, ashyo dalil sifatida vaqtincha saqlovga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tegishli tartibda ish olib borilmoqda.