Uchta hududda ichki ishlar organlari xodimlari pora bilan qo‘lga olindi

Hozirda ushbu qonun himoyachilariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Buxoro viloyati IIB xodimi o‘zining mansabdor tanishlari orqali Tergov bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishini gumonlanuvchiga nisbatan bo‘lgan qismini harakatdan tugatishda yordam berishi evaziga 13 ming dollar talab qiladi

O‘tkazilgan tezkor tadbirda xodim 13 ming dollarni olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent viloyati IIBB qo‘riqlash boshqarmasi Angren shahar bo‘limi safdor xodimi bo‘linma komandiri o‘rinbosari bilan o‘zaro til biriktirib, mansabdor tanishlari orqali Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroni qo‘riqlash boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 1500 dollar talab qiladi. 

O‘tkazilgan tezkor tadbirda safdor xodim oldindan 1000 dollar olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent xalqaro aeroportida pasport-viza bo‘limi katta inspektori voyaga yetmagan shaxsning xorijga chiqish biometrik pasportiga uni xorijga olib chiqib ketayotgan fuqaroga hamroxlik qiluvchi shtamp belgisini tezlashtirilgan tartibda rasmiylashtirib berish evaziga 400 dollar olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, katta inspektor 2025-yilning boshidan xozirgi kunga qadar O‘zbekistonda bo‘lib turgan 42 nafar chet el fuqarolarining har biridan 300-700 dollar olib, ularga chiqish vizasini hamda 8 nafar O‘zbekiston fuqarolariga hamroxliq qiluvchi shtamp belgisini tezlashtirilgan tartibda rasmiylashtirib berish evaziga 200-400 dollar olgan holatlari ham aniqlandi.

Hozirda ushbu qonun himoyachilariga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling