Buxoroda prokurorning katta yordamchisi, Xorazmda MIB xodimi ushlandi

Holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda

2024-yilning iyun oyida Jondor tumani prokuraturasi tomonidan paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi noyabr oyida tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, sudlanuvchiga nisbatan oylik maoshining 20 foizini ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanadi.

Lekin, sudlanuvchiga og‘irroq jazo turi tayinlanishi lozimligi yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan sud hukmiga nisbatan kassatsiya protesti kiritiladi.

Vaziyatdan xabardor bo‘lgan Jondor tumani prokurorining katta yordamchisi fermer xo‘jalik rahbariga nisbatan dastlabki instansiya tomonidan chiqarilgan hukmni sudya orqali o‘zgartirishsiz qoldirish evaziga 3 ming dollar talab qilib, dastlab 500 dollar oladi.

Ammo, u qolgan 2500 dollarni Buxoro shahrida olgan vaqtida ushlandi.

Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Urganch shahrida MIBning Xorazm viloyati boshqarmasi Surishtiruv va maʼmuriy amaliyot shoʻbasi katta surishtiruvchisi o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, Shovot tumanida yashovchi fuqaroni vakolatli hamkasblari orqali MIB tizimiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 2 ming dollar talab qilib, shundan 1800 dollar olgan vaqtida ushlandi.

Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling