Buxoroda tibbiyot markazidagi daraxtlarni noqonuniy ko‘chirgan mansabdorlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Holat yuzasidan tegishli hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan navbatdagi nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.

Reyd davomida Buxoro shahri “Sheyxon” MFY hududida joylashgan tibbiyot markazida radiologiya bo‘limini qurish-ta‘mirlash ishlari amalga oshirilayotgan paytda, ushbu obyekt atrofi o‘rab olinganligidan foydalanib, “M. G.” MChJ mansabdor shaxslari tomonidan daraxtlar noqonuniy tarzda ko‘chirilgan.

O‘rganish jarayonida hududdan jami 38 tup qimmatbaho daraxt ko‘chirib o‘tkazilgan bo‘lib, ularning 26 tupi nobud bo‘lganligi aniqlandi. 

Natijada tabiatga 170 mln 62,5 ming so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan tegishli hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling