Buxoro viloyatida 493 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlariga chek qoʻyildi, deb xabar berdi “Hududgaztaʼminot” AJ xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Gʻijduvon tumani “Dilkusho” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.R. xonadoniga oʻrnatilgan elektron gaz hisoblash uskunasini (EGHU) chetlab oʻtib, yashirincha uyning tom qismidan tabiiy gaz tarmogʻiga ulangan. Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, 164 mln 736 ming soʻmlik zarar hisoblandi.
Shuningdek, Buxoro tumani “Doʻstlik” MFYda joylashgan oʻrta taʼlim muassasasidagi gaz jihozlari elektron gaz hisoblash uskunasining (EGHU) maksimal quvvatidan oshiqcha ekani aniqlandi. Holat boʻyicha 244 mln 764 ming soʻmlik zarar qayta hisob-kitob qilindi.
Shu bilan birga, Romitan tumani, “Qahramon” mahallasida yashovchi fuqaro B.T. oʻz xonadonida chorva mollari uchun ozuqa tayyorlash maqsadida yashirin ravishda tabiiy gaz tarmogʻiga ulangan va 42 mln 227 ming soʻmlik gazdan noqonuniy foydalangan.
Bundan tashqari, Buxoro tumani, “Dehcha” mahallasi fuqarosi M.Sh. ning xonadonida gazdan yashirincha foydalanayotganligi aniqlandi. Isteʼmolchi tomonidan 41 mln 516 ming soʻmlik zarar yetkazilgan.
Holatlar yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillariga topshirilgan.