Andijondagi xonadonda gaz portlashi oqibatida bir kishi vafot etdi

Yana uch kishi shifoxonada

Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi xonadonda 3 yanvar kuni chaqnash sodir bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati Repost.uz’ga xabar berdi.

3 yanvar kuni soat 03:00 larda Marhamat tumani, Shomat MFY, Ipak yo‘li ko‘chasi yashovchi fuqaro X.Sh. yashash xonadonining yotoqxona qismida qo‘lbola usulda qurilgan isitish pechini yoqmoqchi bo‘lib, gugurt chaqqan vaqtida xonaga to‘plangan tabiiy gaz va havo aralashmasidan chaqnash yuz bergan.

Oqibatda xonada bo‘lgan X.Sh. tanasining 90 foiz, turmush o‘rtog‘i L.Sh. tanasining 35-40 foiz, o‘g‘li J.X. tanasining 20-30 foiz, qizi X.X. tanasining 70 foiz qismi kuyish tashxisi bilan tuman SHTTYOBga yotqizilgan.

Hozirda jabrlanuvchilardan X.Sh. va uning o‘g‘li J.X. lar tuman shifxonasida davolanayotgan bo‘lsa, L.Sh. Andijon shahrida joylashgan shifoxonadada davolanmoqda.

Jabrlanganlardan voyaga yetmagan X.X. 4 yanvar kuni olib borilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlarini har tomonlama, to‘liq va sifatli olib borilishini ta’minlash maqsadida tuman prokuraturasi tomonidan jabrlanuvchilarga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Hozirda holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda, tekshiruv yakuni bo‘yicha batafsil axborot taqdim etiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling