Toshkent metropolitenining “Chinor” bekati 50 kunga yopiladi

Loyiha doirasida bekatning kirish va chiqish qismlari kengaytiriladi, 4 ta katta sig‘imli lift o‘rnatiladi.

Toshkent metropolitenining “Chinor” metro bekatida rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, bunga yo‘lovchilar uchun yana-da qulay va zamonaviy infratuzilma yaratish maqsad qilingan.

Loyiha doirasida bekatning kirish va chiqish qismlari kengaytiriladi, aholining barcha qatlamlari, jumladan, yoshi ulug‘ fuqarolar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda bolali oilalar uchun 4 ta katta sig‘imli zamonaviy lift o‘rnatiladi. 

Shuningdek, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yana-da oshirish maqsadida qo‘shimcha 12 ta turniket o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Shu munosabat bilan, rekonstruksiya ishlarini xavfsiz va sifatli amalga oshirish maqsadida 13-iyundan boshlab “Chinor” metro bekati 50 kun muddatga vaqtincha yo‘lovchilar uchun yopiladi.

Yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirmaslik hamda transport qatnovining uzluksizligini ta‘minlash maqsadida “Chinor” va “Yangihayot” metro bekatlari o‘rtasida, bir bekat masofasida maxsus metrobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. 

Metrobuslar belgilangan jadval asosida harakatlanib, yo‘lovchilarning manzillariga o‘z vaqtida yetib borishlariga xizmat qiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling