Toshkent viloyati, Chinoz tumani, “Yangi Obod” MFYda yashovchi fuqaro T.A. tomonidan yovvoyi qushlar saqlanayotgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Qizil kitobga kiritilgan yovvoyi qushlar turiga mansub bir dona “Sapsan” lochini hamda bir dona “Jig‘oltoy” lochini noqonuniy ravishda ushlanib, panjarali qafasda tutqunlikda saqlanayotgani ma‘lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan qonuniy tartibda guvohlar ishtirokida tegishli rasmiylashtirish ishlari olib borildi va qushlar huquqbuzardan olib qo‘yilib, vaqtincha saqlash uchun Toshkent hayvonot bog‘iga topshirildi.
Holat natijasida hayvonot dunyosiga 620 mln 884 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Ish yuzasidan yig‘ilgan barcha hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi.