Chiqindi poligonlari hududida ekosanoat zonalari tashkil etiladi

2026-yildan boshlab chiqindi poligonlari Ekologiya vazirligi taklifiga muvofiq Hukumat qaroriga asosan tashkil etiladi

Prezidentning “Chiqindilarni qayta ishlash sohasini yanada takomillashtirish hamda kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga asosan, chiqindilarni qayta ishlash sohasidagi asosiy yoʻnalishlar belgilandi, xususan:

  • mavjud qattiq maishiy chiqindi poligonlarini 2030-yilgacha 50 foizga qisqartirish;
  • yangidan hosil boʻlayotgan chiqindilarni poligonlarga yoʻnaltirmasdan, maksimal darajada qayta ishlash yoki kuydirish, sohaga sirkulyar iqtisodiyot amaliyotini joriy qilish.

2026-yildan boshlab chiqindi poligonlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi taklifiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan tashkil etiladi.

Shuningdek, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tizimida chiqindi poligonlari hududida chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlashga ixtisoslashgan sanoat zonalari 30 yil muddatga tashkil etiladi.

Bundan tashqari, Namangan va Toshkent viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni termik usulda utilizatsiya qilish (yoqish) boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻoriladigan 19,87 gektar yer uchastkalari qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan yerlar toifasiga oʻtkaziladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling