Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sohasida to‘lov intizomini yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga savollar yo‘llandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Tegishli qonunga muvofiq, maishiy chiqindilar xizmati uchun majburiy to‘lov bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lgan taqdirda, isteʼmolchi mazkur qarzdorlik haqida SMS orqali ogohlantirilganidan so‘ng 5 kun ichida qarzdorlikni bartaraf etmasa, elektr bo‘yicha to‘lovlarni qabul qilish vaqtinchalik to‘xtatilishi nazarda tutilgan.
Biroq “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “HET” ilovasida aholi tomonidan maishiy chiqindi xizmati bo‘yicha qarzdorlik haqidagi maʼlumotlar aks etmayotgani, “Toza makon” elektron billing tizimi bilan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimi o‘rtasida to‘liq integratsiya taʼminlanmagani, shuningdek, ayrim isteʼmolchilarda chiqindi xizmati bo‘yicha shartnoma mavjud emasligi hamda abonent hisob raqamlarida noaniqliklar jamoatchilikda tashvish tug‘dirmoqda.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, Senat qo‘mitasi tomonidan Ekologiya hamda Energetika vazirligiga maʼlumotlar almashinuvi jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan aniq maʼlumot va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflar taqdim etish so‘raldi.