Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 mart kuni Rossiya Federal Majlisi Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodinni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘tgan yil may oyida Rossiya prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuv va bitimlarning amalga oshirilishini nazorat qilish maqsadida parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Mamlakatimiz yetakchisi Parlamentlararo komissiyaning ikkinchi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni O‘zbekistonda, ikki mamlakat hududlarini keng jalb etgan holda o‘tkazish muhimligini taʼkidladi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning ustuvor loyihalarini, mehnat migratsiyasi va madaniy-gumanitar almashinuv borasidagi qo‘shma dasturlarni qo‘llab-quvvatlash va jadallashtirishda parlamentlar faol ishtirok etishi zarurligi qayd etildi.