Davlat xizmatiga ilk marta qabul qilinganlar bilan dastlab bir yillik mehnat shartnomasi tuziladi

2026-yil 1-yanvardan Davlat organlari faolligining milliy reytingi joriy etiladi.

Prezidentning “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, 2025-2026-yillarda davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasining doimiy hamkorligi asosida davlat xizmatida kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimi joriy etiladi. 

2026-yil 1-yanvardan davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuziladi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytiriladi.

KPI natijalari Xodimlarning kasbiy kompetensiyalari rivojlanishini uzluksiz onlayn monitoring qilish tizimida yig‘iladi va tahlil qilinadi.

2025-yil 1-avgustdan respublika, hududiy va tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlardagi lavozimlarning boshqaruv va yordamchi guruhlari uchun tanlovlar faqatgina Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona portali orqali o‘tkaziladi.

Iqtidorli boshqaruvchilar va liderlarni, yangi avlod rahbarlarini aniqlash va tanlash bo‘yicha “TOP-100” dasturi joriy etiladi. Salohiyatli va istiqbolli rahbarlarning barqaror zaxirasini taʼminlash maqsadida Milliy kadrlar zaxirasi hamda Salohiyatli kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.

2025-yil 1-oktyabrdan davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlilini olib borish “hrm.argos.uz” elektron tizimi tarkibidagi “Xizmat safari” yagona moduli orqali amalga oshiriladi. 

2026-yil 1-yanvardan Davlat organlari faolligining milliy reytingi joriy etiladi. 2025-yil 1-sentyabrdan davlat xizmatchilarining o‘z ko‘nikmalarini doimiy rivojlantirib borishi hamda ular o‘rtasida o‘zaro muloqotni kuchaytirish bo‘yicha “Davlat xizmatchisi” mobil ilovasi ishga tushiriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling