Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

Suv xo‘jaligi sohasida “Davlat suv kadastri” axborot tizimi yaratiladi

Shavkat Mirziyoyev suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev 13-oktyabr kuni suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish, quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda sohaning xususiy sektor uchun jozibadorligini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda sohada amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish va xizmat ko‘rsatish tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Yangi yondashuv asosida suv hisobini yuritish to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. “Suv hisobi” axborot platformasi orqali foydalanilgan suv miqdori aniq hisoblanadi va isteʼmolchilarga elektron tarzda maʼlum qilinadi. Bu tizim hisob-kitoblarda inson omilini kamaytiradi, ortiqcha qog‘ozbozlikni bartaraf etadi hamda resurslardan foydalanish samaradorligini oshiradi.

Maʼlumotlarning aniqligini taʼminlash maqsadida “Raqamli qishloq xo‘jaligi” platformasi bilan integratsiya yo‘lga qo‘yiladi.Shu orqali sug‘oriladigan yerlar, ekin turlari va suv limitlari haqidagi maʼlumotlar avtomatik yangilanib boradi.

Shuningdek, sohadagi barcha maʼlumotlarni bir tizimda jamlash uchun Suv xo‘jaligi vazirligining “Suv xo‘jaligini raqamlashtirishva monitoring markazi” tashkil etiladi. Markaz suv balansi, nasos stansiyalari va suv sarfi bo‘yicha maʼlumotlarni tahlil qiladi, qaror qabul qilish jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini yaratadi.

Bundan buyon suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish masalalari bilan alohida vazir o‘rinbosari shug‘ullanadi.

Sohada “Davlat suv kadastri” axborot tizimi yaratiladi. U orqali suv resurslariga oid maʼlumotlar tegishli vazirlik va idoralardan yig‘iladi va yagona bazada shakllantiriladi. Bu, o‘z navbatida, maʼlumot almashish jarayonini soddalashtirib, hisobotlarni qog‘ozda yuritish amaliyotini qisqartiradi. “Davlat suv kadastri” tizimini 2026-yil apreliga qadar to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.

Quyi bo‘g‘indagi xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Ehtiyoj va mavsumiy sharoitdan kelib chiqib, xizmatlarda shtatlarning o‘zgaruvchan boshqaruv tizimi joriy etiladi. Xizmatlarning samaradorligi KPI ko‘rsatkichlari asosida baholanadi.

2026-yildan boshlab xodimlarni rag‘batlantirish tizimi amaliy natijalarga bog‘lanadi, yaʼni yetkazilgan suv miqdori va foydalanilgan hajm o‘rtasidagi tafovut asosida baholanadi.

Muassasalarning moliyaviy mustaqilligini oshirish maqsadida suv solig‘idan tushgan mablag‘larning 40 foizini o‘zining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltirishiga ruxsat beriladi.

Suv xo‘jaligi nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish amaliyoti kengaytiriladi. 2026-yilda Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridagi nasos stansiyalarning 50 foizi, 2027-yilga borib esa Namangan viloyatidagi barcha nasos stansiyalarini xususiy sheriklikka berish rejalashtirilmoqda.

Bu borada Chortoq tumanida “bir nasos – bir tizim” tamoyili asosida “Chortoq tajribasi” amalga oshiriladi. Bunda xususiy sherik isteʼmolchilarni suv limiti doirasida suv bilan taʼminlaydi, nasoslarga bog‘langan maydonlardan hisoblangan suv solig‘ining 40 foizi xususiy sherikka to‘lab beriladi. Ushbu mablag‘lar hisobiga suv hisobini avtomatlashtirish va nasos stansiyalarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish yo‘lga qo‘yiladi.

Tajribaning mazmun-mohiyati va afzalliklarini dehqon va fermerlarga yetkazish maqsadida “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida 2025-2026-yillarda har bir tumanda bittadan “o‘quv dala-shiypon” tashkil etilib, jami 141 ta tumanda 3,5 ming gektar maydon qamrab olinadi.

Prezident mutasaddilarga sohada raqamlashtirishni jadallashtirish, hisob va hisobot jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish, quyi bo‘g‘inda xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish, DXSHni kengaytirish va xodimlarning masʼuliyatini kuchaytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi hamda bu boradagi tegishli hujjatlarni imzoladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling