Prezidentning “Davlat tilini yana-da rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Davlat tilini yana-da rivojlantirishning asosiy maqsadlari belgilandi. Jumladan:
- mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va samarali foydalanishga erishish;
- davlat tilining sofligini saqlash va uning lug‘at boyligini muntazam oshirib borish;
- davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.
2026-yildan respublika darajasidagi davlat organlari va xo‘jalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman hokimliklarida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida rahbarning maʼnaviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etiladi.
2026-yildan taʼlim qardosh tillarda olib boriladigan umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlari uchun o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha darsliklarning davriyligi asosida yangi avlodi yaratiladi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha pedagoglar uchun o‘quv qo‘llanmalari ishlab chiqiladi.
Maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalar uchun “Mening ilk izohli lug‘atcham” rasmli lug‘at kitobi yaratiladi.
Bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha zamonaviy animatsion video va audio mahsulotlar ishlab chiqilishi tashkil etiladi.