Namanganda taʼlim tizimida ishlovchi mansabdor shaxslar tomonidan tashkil qilingan “bunker” fosh etildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Davlatobod tumanidagi maktab direktori o‘rinbosari, Namangan davlat texnika universiteti bo‘lim boshlig‘i hamda ushbu bo‘lim mutaxassisi va boshqalar o‘zaro til biriktirgan.
Ular malaka toifalarini belgilash uchun o‘tkazilgan attestatsiya imtihonlari doirasida test sinovlarini topshirishlarida pedagog o‘qituvchilarga moddiy manfaat evaziga “bunker” orqali masofadan turib yordam bergan.
Namangan shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “bunker” sifatida foydalanilayotgan xonadon ko‘zdan kechirildi.
Natijada, ushbu manzilda test savollarini yechishga jalb qilingan 12 nafar o‘qituvchi borligi aniqlandi. Noutbuk, 30 dona har xil turdagi eshitish moslamasi va yashirin kameralar, 8 dona Wi-Fi router va boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tergovga qadar tekshiruv tadbirlari davomida, maktab direktori o‘rinbosari va boshqalar imtihon natijalarini ijobiy hal qilib berishga ishontirgan holda, viloyatdagi pedagog o‘qituvchilarning maʼlum bir qismidan 1300-1500 dollardan talab qilgan.
U sentyabr-oktyabr oylarining o‘zida 25 ming dollar olgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlatobod tumanidagi maktab direktori o‘rinbosari hamda “bunker”ni boshqarayotgan, 2001-y.t. fuqaro muqaddam aynan shunday jinoyat sodir etganliklari uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar hisoblanadi.