Omonatlarning kafolatlangan miqdorini 200 mln soʻmgacha etib belgilash toʻgʻrisidagi qonun maʼqullandi

Bank tugatilganda omonatchilarga Agentlik tomonidan kompensatsiya toʻlovini amalga oshirish davri bosqichma-bosqich 7 ish kunigacha qisqartirilishi nazarda tutilmoqda

Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun bilan banklardagi omonatlarning himoya qilinishini kafolatlash sohasidagi vakolatli organ – Omonatlarni kafolatlash agentligining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari va uning faoliyat koʻrsatish tartibi belgilanmoqda.

Shuningdek, kafolatlash hodisasi roʻy berganda Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan bir omonatchiga har bir bankda kafolatlash obyektining qoldigʻi 200 mln soʻm miqdorida yoki undan kam boʻlsa toʻliq hajmda kompensatsiya toʻlanishi belgilab qoʻyilmoqda.

Bank tugatilganda omonatchilarga Agentlik tomonidan kompensatsiya toʻlovini amalga oshirish davri bosqichma-bosqich 7 ish kunigacha qisqartirilishi nazarda tutilmoqda. Jumladan, bank tugatilganda kompensatsiya toʻlovi 2025-yil 1-yanvardan boshlab 20 ish kuni, 2026-yil 1-yanvardan 15 ish kuni, 2027-yil 1-yanvardan 7 ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.

Bank bankrotlikka uchragan taqdirda, omonatchilar mablagʻlarining Agentlik tomonidan qoplab berilishini inobatga olib, omonatchining bankdan talab qilish huquqi Agentlikka oʻtkazilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi bank tizimi barqarorligini mustahkamlash yoʻli bilan aholi va tadbirkorlarning mablagʻlari but saqlanishi hamda kafolatlash hodisasi roʻy berganda omonatchilarga mablagʻlar qisqa muddatlarda toʻlab berilishi taʼminlanishiga xizmat qiladi.

Muhokamadan soʻng mazkur qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling