Toshkentda norasmiy diniy darslarni muntazam ravishda tashkil etib kelgan shaxslar aniqlandi

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX va IIV xodimlari tomonidan Toshkent shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy diniy jamoat fosh etildi.

Poytaxtdagi milliy taomlar oshxonalaridan birida tungi vaqtda bojxona idoralarining 3 nafar xodimi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi, texnopark direktori oʻrinbosari, xususiy avtomaktab direktori oʻrinbosari, “Sergeli-avto” bozorida savdo bilan shugʻullanuvchi shaxslar va boshqalardan iborat jami 17 nafar fuqaro ovqatlanish bahonasida toʻplanib, turli xil diniy adabiyotlardan foydalangan holda noqonuniy jamoat koʻrinishidagi yigʻinlarni tashkil etgan.

1976-2001-yillar oraligʻida tugʻilgan mazkur shaxslarning koʻpchiligi asli namanganlik boʻlib, hozirda Toshkent shahrida istiqomat qilishadi.

Aniqlanishicha, Bojxona qoʻmitasining boshqarma boshligʻi oʻrinbosari dinga mutaassiblarcha berilib, 2021-yildan boshlab mazkur norasmiy diniy darslarni muntazam ravishda tashkil etib kelgan. U har bir dars uchun jamoat aʼzolaridan maʼlum miqdorda pul yigʻib, ustozlarga bergan.

Guruh aʼzolari 1989-yilda Namangan viloyatida tugʻilgan va hozirda Misrda boʻlgan shaxsdan Telegram orqali onlayn tarzda saboq olgan.

Shuningdek, ularga Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi ham offlayn tarzda diniy maʼruzalar oʻtgan.

Hozirda Bojxona qoʻmitasi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari, bojxona organlari tezkor xodimi va katta inspektori, shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi hamda jamoat aʼzolariga Misrdan turib, onlayn tarzda diniy saboq bergan fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 216-moddasi (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qolgan fuqarolar jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilingan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling