Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga Jizzax viloyati Doʻstlik tumanida yashovchi fuqaro D.N. tomonidan tut daraxtlari noqonuniy kesilgani haqida murojaat kelib tushdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Murojaat Jizzax viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan oʻrganildi. Oʻrganish davomida Doʻstlik tumani Mevazor MFY hududidan oʻtuvchi “Sarkisov” kanali yoqasida 13 tup tut daraxti noqonuniy kesilganligi aniqlandi.
Huquqbuzarlik natijasida oʻsimlik dunyosiga 369 million 375 ming soʻm zarar yetkazilgani maʼlum boʻldi.
Hukumat qaroriga koʻra, davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy davrida daraxtlar va butalarga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari ikki baravarga oshirilgan holda qoʻllanilishi belgilangan. Shunga asoslangan holda yetkazilgan zarar miqdori 738 million 750 ming soʻm miqdorida belgilandi.
Holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora koʻrish maqsadida Doʻstlik tuman prokuraturasiga yuborildi.